Onlayn savdo: sotuvchining majburiyatlari

Davlat roʻyxatidan oʻtgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ruxsat etilgan doirada oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tovarlarni onlayn sotishi mumkin. Internet-doʻkon, ijtimoiy tarmoq va marketpleysda savdo, hisob-kitob hamda qaytarish hujjatlashtiriladi. Asosiy qoidalar «Elektron tijorat toʻgʻrisida», «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida», «Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida»gi qonunlar, Fuqarolik (FK) va Soliq (SK) kodekslari hamda Hukumat tasdiqlagan savdo qoidalarida belgilangan.

Qisqacha:

  • Sotuvchi va marketpleys operatorining maqomi farq qiladi: qonunda elektron tijorat ishtirokchilari (8-modda) alohida belgilangan.
  • Yozishma orqali savdoda ham shartlar kelishiladi; elektron xabar shartnoma dalili (15-modda) boʻlishi mumkin.
  • Xaridorga elektron chek (23-modda) yuboriladi; pul oʻtkazmasi tasdigʻi savdoni rasmiylashtirish oʻrnini bosmaydi.
  • Nuqsonsiz nooziq-ovqat tovarini belgilangan shartlar va istisnolarni hisobga olib 10 kun ichida (18-modda) almashtirish mumkin.
  • Sotuvchining majburiyatlari butun buyurtmani qamrab oladi: tovar haqida axborot, uni topshirish, hujjatlar va xaridor talablarini koʻrib chiqish.

Onlayn savdo uchun qaysi biznes shakli kerak

Sotuvchi elektron tijoratni davlat roʻyxatidan oʻtgach (9-modda) boshlashi mumkin. Tovar yoki faoliyat uchun litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoxud xabarnoma talab qilinsa, onlayn savdo bu talabni bekor qilmaydi. Faqat savdoning elektron shaklini tanlaganlik uchun alohida ruxsat hujjati talab qilinmaydi (Qoidalarning 4-bandi).

Qonunda tijorat subyektlari va operatorlari (3-modda) farqlanadi. Subyektlar jumlasiga savdo ishtirokchilari va uning infratuzilmasini taʼminlaydigan operatorlar kiradi. Shuning uchun boshqa marketpleysda kabinet ochgan sotuvchi oʻz-oʻzidan shu marketpleys operatoriga aylanmaydi.

Shakl Elektron tijorat qonuni nimaga ruxsat beradi Savdodan oldin nima tekshiriladi
Yuridik shaxs Elektron maydonchada tovar, ish va xizmatlarni sotish Assortiment, sohaviy ruxsatlar, soliq rejimi
Yakka tartibdagi tadbirkor, keyingi matnda YTT Ruxsat etilgan faoliyat doirasida elektron savdoda qatnashish Roʻyxatdagi faoliyatning amaldagi savdoga mosligi
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs Elektron maydonchada chakana savdo Ruxsat etilgan faoliyatlarning amaldagi roʻyxati va tanlangan faoliyat turi

Bu toifalar sotuvchilar haqidagi normada (8-modda) belgilangan. 2026-yil boshidan oʻzini oʻzi band qilish faoliyatlarining yangi roʻyxati amal qiladi. Unda elektron maydonchada chakana savdo (roʻyxatning 33-bandi) bevosita koʻrsatilgan. Demak, bunday savdo uchun oʻzini oʻzi band qilishga ruxsat berilgan; uni faqat shaxsan tayyorlangan buyumlarni sotish bilan cheklash toʻgʻri emas. Marketpleysdagi yozuv ruxsat etilgan faoliyatni kengaytirmaydi: biznes shakli tovar va operatsiyalarga, jumladan qayta sotish uchun xaridga mos tanlanadi.

Savdo platformalari, buyurtmalar agregatorlari va raqamli striming xizmatlari operatorlari rezident yuridik shaxs shaklida ishlaydi. Faqat axborot beradigan, elektron shartnomalar yoki bitimlar tuzish boʻyicha majburiyat olmaydigan axborot vitrinasiga operator maqomi tatbiq etilmaydi. Oʻz tovarini sotadigan doʻkon va boshqalarning savdosini tashkil etadigan xizmat amaldagi vazifalariga qarab baholanadi.

Bu yerda tovar sotuvchisining majburiyatlari yoritilgan. Platforma tuzilishi, sotuvchilarni qoʻyish qoidalari va operator majburiyatlari marketpleyslar haqidagi maqolada tushuntiriladi. Kompaniya oʻz maydonchasida boshqa ishtirokchilar savdosini tashkil qilsa, shu maqola kerak boʻladi.

Internet-doʻkon, oferta va ijtimoiy tarmoqdagi savdoni qanday rasmiylashtirish kerak

Buyurtma qabul qilinishidan oldin xaridor bitim shartlari va sotuvchi haqidagi maʼlumotni olishi kerak. Ommaviy oferta shartnomaning muhim shartlarini va taklifga javob bergan har kim bilan (FK 369-modda) shartnoma tuzish niyatini ifodalaydi. Faylni «oferta» deb nomlashning oʻzi shartnoma mazmunini belgilamaydi.

Ofertaning majburiy maʼlumotlari (16-modda) quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • sotuvchining nomi, oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi;
  • pochta va elektron manzillar, telefon raqami;
  • zarur boʻlsa, litsenziya yoki ruxsat hujjati raqami, amal qilish muddati va uni bergan organ;
  • shartnoma tuzish, akseptni yuborish va chaqirib olish tartibi;
  • oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kelishish imkoniyati hamda tartibi;
  • yetkazib berish va haq toʻlash shartlari, narxlar yoki tariflar;
  • hamma foydalanishi mumkin boʻlgan resursdagi elektron hujjatga havola orqali kiritiladigan shartlar.

Isteʼmolchi buyurtmasida shikoyatlarni qabul qilish tartibi (28-1-modda), yetkazib berish narxi, taʼmirlash va shartnomani bekor qilish shartlari hamda shu normada koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlar ham ochiqlanadi. Xaridorning qonuniy huquqlarini cheklaydigan shartlar haqiqiy emas (21-modda). Masalan, barcha tovarlarni qaytarish butunlay taqiqlanishi haqidagi jumla qonunda nazarda tutilgan talablarni yoʻqqa chiqarmaydi.

Shartnoma elektron hujjat, rozilik bildirilgan xabar yoki ofertada koʻrsatilgan harakatlar orqali tuzilishi mumkin. Shartnoma sotuvchi akseptni olgan paytda (19-modda) tuzilgan deb hisoblanadi. Telegram yoki Instagramdagi buyurtmada buning amaliy maʼnosi shuki, yozishmadan tovar, narx, yetkazib berish, kelishilgan shartlar va taklif qabul qilinganini aniqlash mumkin boʻlishi kerak. Oferta nusxasini buyurtma bilan saqlash xarid paytida qaysi shartlar amal qilganini isbotlashga yordam beradi.

Qonun elektron tasdiqlashni (14-modda), jumladan unda nazarda tutilgan identifikatsiya va rozilikni tasdiqlash usullarini tan oladi. Bu joʻnatuvchisini aniqlab boʻlmaydigan har qanday xabar barcha zarur hujjatlar oʻrnini bosadi degani emas. Elektron tijoratda joʻnatuvchini identifikatsiya qilish (15-modda) imkonini beradigan xabar yuridik ahamiyatga ega.

Bu maqolada buyurtmani rasmiylashtirish tushuntirilgan. Xaridorlarning manzili, telefoni va boshqa maʼlumotlarini yigʻish alohida tartibni talab qiladi; ishlov berish asoslari, bazalarni roʻyxatdan oʻtkazish va saqlash shaxsga doir maʼlumotlar haqidagi maqolada yoritilgan. Buyurtma shakli, mijozlar bazasi va maʼlumotlarni yetkazib beruvchiga uzatishni sozlashda shu maqola kerak boʻladi.

Tovar haqida qanday maʼlumot beriladi

Tovar kartochkasida xaridor uni tanlashi va maqsadiga muvofiq ishlatishi uchun zarur maʼlumot boʻlishi kerak. Sotuvchi va savdo qoidalari haqidagi axborot davlat tilida (5-modda) beriladi, boshqa tillar uni toʻldirishi mumkin.

Tovar haqidagi maʼlumotlar roʻyxati (6-modda) quyidagilarni qamrab oladi: nomi; majburiy normativ hujjatlar belgisi; asosiy va oʻziga xos xususiyatlar; narx va xarid shartlari; majburiy boʻlgan hollarda ishlab chiqarilgan sana; ishlab chiqaruvchining kafolat majburiyatlari; xavfsiz foydalanish qoidalari; xizmat yoki yaroqlilik muddati va u tugagach bajariladigan harakatlar; ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va import qiluvchi haqidagi maʼlumotlar, tegishli ruxsat hujjatlarining QR-kodlari; kelib chiqqan mamlakat; eʼtiroz va taʼmirlash uchun manzillar; saqlash hamda xavfsiz utilizatsiya qoidalari. Bu yerda roʻyxatning tovar savdosiga tegishli qismi berildi: konsert tadbirlariga oid talablar tovar kartochkasiga taalluqli emas.

Majburiy texnik tartibga solinadigan tovar uchun belgilangan talablarga muvofiqlik haqidagi maʼlumot ham beriladi. Tovar haqidagi axborot davlat tilida, qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda taqdim etiladi. Elektron shartnomadan oldin beriladigan maʼlumot uchun qonun kelishilgan boshqa tilga (28-1-modda) ham alohida ruxsat beradi.

Surat, tavsif va tanlangan komplekt topshiriladigan tovarga mos boʻlishi kerak. Axborot yetishmagani sababli tovardan maqsadiga muvofiq foydalanib boʻlmasa, isteʼmolchi uni qisqa, lekin uch kundan oshmaydigan muddatda (7-modda) berishni talab qilishi mumkin. Axborot shu muddatda ham berilmasa, shartnomani bekor qilish va zararni qoplash uchun asos yuzaga keladi.

Sotuvchi marketpleysda qanday ishlaydi

Maydoncha bilan shartnomada xaridor bilan bitimni kim tuzishi, pulni kim olishi, tovarni kim saqlashi va qaytarishni kim koʻrib chiqishi belgilanadi. Maydoncha oʻz nomidan vositachi sifatida harakat qilsa, uchinchi shaxs oldidagi huquq va majburiyatlar vositachida yuzaga keladi (FK 832-modda). Demak, barcha marketpleyslarning javobgarligini bir xil taʼriflab boʻlmaydi: shartnoma modeli ahamiyatli.

Vositachilik haqini savdoni topshirgan tovar egasi — komitent toʻlaydi. Uning miqdori vositachilik shartnomasida (FK 833-modda) belgilanadi. Maydoncha shartnomasida haq, yetkazib berish va saqlash xarajatlari, tushumni oʻtkazish sanalari, qaytarishda ushlab qolinadigan summalar, savdo hujjatlari va solishtirish tartibini birgalikda koʻrib chiqish foydali. Ularning oʻrniga barcha maydonchalar uchun yagona «marketpleys komissiyasi»ni qoʻllab boʻlmaydi: qonunda umumiy yagona stavka belgilanmagan.

Operator savdo qoidalari va xizmat koʻrsatish shartnomasini eʼlon qilishi, ular bilan tanishish imkonini yaratishi, taqiqlangan yoki muomalasi cheklangan tovarlar savdosining oldini olishi shart. Sotuvchilarning ruxsat hujjatlarini tekshirishga u haqli. Ishni toʻxtatish yoki qoidalarni oʻzgartirish niyati kamida 30 kun oldin (13-modda) eʼlon qilinadi, qonunda koʻrsatilgan istisnolar bundan mustasno.

Shartnomada eskrou nazarda tutilsa, pul majburiyatlar bajarilguncha ushlab turiladi. Tovar yetkazilmagani yoki tavsifga mos emasligi haqida asosli eʼtiroz boʻlsa, pul xaridorga qaytariladi (24-modda); tovar qabul qilinsa, sotuvchiga oʻtkaziladi. Ijro muddati oʻtgach xaridor olganini tasdiqlamasa ham, rad etmasa ham, pul shartnomadagi muddatda avtomatik oʻtkaziladi. Eskrou har bir onlayn savdo uchun majburiy usul emas.

Sertifikat va markirovka kerakmi

Onlayn savdo tovarni xavfsizlik talablaridan ozod qilmaydi. Majburiy muvofiqlikni tasdiqlash tegishli tartibga qarab deklaratsiyalash yoki sertifikatlashtirish (23-modda) shaklida bajariladi. Bu norma «internet-doʻkon uchun» yagona sertifikatni nazarda tutmaydi: muayyan mahsulot tekshiriladi.

Sotuvchi muvofiqlik belgisi, zarur hujjatlar va davlat tilidagi xavfsizlik maʼlumotlarini tekshirishi, saqlash va tashishda mahsulotning talablarga muvofiqligini saqlashi shart. Nomuvofiqlik aniqlansa, tuzatish choralarini (43-modda) koʻradi. Muammo bartaraf etilmasa, ishlab chiqaruvchi, uning vakili yoki import qiluvchi hamda davlat nazorati organlariga xabar beradi. Xavfli mahsulot savdosini toʻxtatish, muomaladan chiqarish va isteʼmolchilardan qaytarib olish (12-modda) choralarini tashkil etish kerak.

Texnik reglamentlarga nomuvofiqlik haqida axborot olgan sotuvchi uning ishonchliligini 10 kun ichida (39-modda) tekshiradi, agar tadbirlar mazmuni uzoqroq muddatni talab qilmasa. Axborot tasdiqlangach, keyingi 10 kunda zararning oldini olish dasturi ishlab chiqilib, nazorat organi bilan kelishiladi. U xaridorlarga xavf, choralar va muddatlar haqida xabar berishni ham qamrab oladi. Zararning oldini olish, nuqsonlarni bartaraf etish va tashish xarajatlarini majbur shaxslar, jumladan sotuvchi koʻtaradi; xavfni yoʻqotib boʻlmasa, mahsulot chaqirib olinib, xaridorlar zarari qoplanadi. Dastur davomida xaridorlarga tezkor axborot berish ham majbur shaxslar hisobidan taʼminlanadi.

Raqamli markirovka tovar tavsifi, narxnoma va oddiy shtrix-koddan farq qiladi. Tegishli tovarlarni ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar markirovkalaydi, sotuvchilar, jumladan marketpleyslar esa milliy monitoring tizimiga ulanadi. Vositachilik shartnomasi boʻyicha savdoda elektron hisobvaraq-faktura va kassa cheklarida kodlarni vositachi aks ettiradi. Tovarning maydoncha katalogida mavjudligi uning markirovkasini tekshirish oʻrnini bosmaydi.

Assortiment muomalaga doir cheklovlar boʻyicha ham tekshiriladi. Hukumat roʻyxatida, masalan, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolardan tashqari alkogol va tamaki mahsulotlari, tamaki hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalari; giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar; kontrafakt va pirat buyumlar; qurol, oʻq-dori hamda zaharli moddalar koʻrsatilgan. Bular cheklovlar roʻyxatining bir qismi; ayrim pozitsiyalar uchun ichki va tashqi bozor farqlanadi, sohaviy istisnolar esa alohida tekshiriladi.

Birinchi buyurtmadan oldin nimalarni tekshirish kerak

Sotuvchiga tovarni eʼlon qilishdan pulni qaytarishgacha kelishilgan ish tartibi kerak. Ish boshlashdan oldin roʻyxatdan oʻtish shakli va assortiment, tovarga ruxsatlar, kartochka va ofertadagi axborot, maydoncha va yetkazib berish shartnomalari, hisob-kitob hisobvaragʻi, chek shakllanishi, soliq rejimi va qaytarish hujjatlarini solishtirish foydali.

Bitta sinov buyurtmasida kelishilgan shartlar saqlanyaptimi, sotuvchi kim deb koʻrsatilgan, pul qanday keladi va fiskal hujjat qayerda paydo boʻlishi koʻrinadi. Keyin shu buyurtmani maydoncha hisoboti va hisobda kuzatish mumkin. Eʼtiroz uchun xaridor murojaatidan qarorgacha, tovarni topshirish va pul qaytganini tasdiqlashgacha yoʻl belgilangan boʻlishi kerak. Bu yuqoridagi majburiyatlar bajarilishini tashkiliy tekshirish boʻlib, qoʻshimcha ruxsat tartibi emas.

Toʻlovni qanday qabul qilish va fiskal chek berish kerak

Elektron tijoratda tasdiqlovchi hujjatlar bilan naqd pul, bank, jumladan karta hisobvaragʻidan oʻtkazma va elektron pullar (22-modda) orqali hisob-kitob qilish mumkin. 2025-yil iyulidan sotuvchilarning elektron tijorat hisob-kitoblari alohida bank hisobvaraqlari orqali yuritiladi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning kartasi shu hisobvaraqqa biriktiriladi; istalgan shaxsiy kartaga oddiy pul oʻtkazish ushbu tartibga rioya qilinganini tasdiqlamaydi.

Toʻlov tashkilotlari raqamli platformalarining maxsus rejimida YTT yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning elektron hamyoni bank hisobvaragʻiga tenglashtiriladi. Bunday hamyonga ega ishtirokchi uchun bank hisobvaragʻi ochish ixtiyoriy. Bu hisob-kitob va fiskallashtirish birlashtirilgan maxsus model boʻlib, har qanday pul oʻtkazish ilovasi unga kirmaydi.

Elektron toʻlovda virtual kassa cheki xaridorning telefoniga, elektron pochtasiga yoki shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Yetkazib berish xizmati sotuvchi uchun toʻlov olishi (23-modda), keyin belgilangan tartibda inkassatsiya qilishi mumkin. Kuryerlik xizmati bilan shartnomada hujjatni kim tuzishi va sotuvchi buyurtma toʻlanganini qanday bilishi kelishib olinadi.

Toʻlov terminali cheki bilan birga fiskal chek ham beriladi. Unda tovar nomi, miqdori, narxi va qiymati, QR-kod hamda fiskal belgi, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisida esa shu soliq stavkasi va summasi koʻrsatiladi. Majburiy rekvizitlarsiz chek haqiqiy hisoblanmaydi. Integratsiyalashgan platforma orqali elektron chek berish amaldagi hisob-kitob tartibining bir qismi boʻlishi kerak.

YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga 2026-yil yanvaridan maxsus toʻlov QR-kodi talab qilinadi. Bu talabni fiskal chekning oʻzidagi QR-kod bilan aralashtirmaslik kerak. Bir xil tovar uchun naqd yoki naqd pulsiz toʻlovga qarab turlicha narx belgilash taqiqlanadi (10-modda); naqd pulsiz toʻlov uchun ragʻbatlantirishga qonun ruxsat beradi.

Bu yerda onlayn buyurtma toʻlovini rasmiylashtirish yoritilgan. Kassani tanlash va roʻyxatdan oʻtkazish, cheklar xatosini tuzatish va nosozlik paytidagi harakatlar onlayn kassalar haqidagi maqolada tushuntiriladi. Toʻlovlarni ulash va kassada qaytarishni sozlashda shu maʼlumot kerak boʻladi.

Yetkazib berish va buyurtmadan voz kechishni qanday rasmiylashtirish kerak

Yetkazib berish muddati va joyi shartnomada belgilanadi. Muddat koʻrsatilmagan va uni aniqlab boʻlmasa, elektron tijoratdagi tovar aksept qabul qilinganidan boshlab 30 kundan kechiktirmay (25-modda) yetkaziladi. Sotuvchi tovarni oʻzi yetkazishi, vakolatli xizmatni jalb qilishi yoki taqiqlanmagan boshqa usuldan foydalanishi mumkin. Yuk xati zarur boʻlgan hollarda u elektron shaklda tuziladi. Shartnomada boshqacha qoida boʻlmasa, tovar bilan belgilangan hujjatlar ham beriladi.

Yetkazib berish shartli savdoda umumiy qoida boʻyicha majburiyat xaridorga yoki shartnoma yoxud yetkazib berish hujjatini koʻrsatgan shaxsga tovar topshirilishi bilan bajariladi; qonun va shartnomadagi istisnolar hisobga olinadi. Shartnomada boshqacha belgilanmagan boʻlsa, tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki shikastlanishi xavfi odatda topshirish majburiyati bajarilganda (FK 392-modda) oʻtadi. Shuning uchun qutini kuryerga berish har doim xaridor oldidagi majburiyat bajarilganini anglatmaydi.

Namuna yoki tavsif boʻyicha savdoda xaridor tovar topshirilguncha (FK 429-modda) shartnomadan voz kechishi mumkin, bunda sotuvchining uni bajarish uchun qilgan zarur xarajatlarini qoplaydi. Gap muayyan buyurtma boʻyicha asoslanadigan xarajatlar haqida bormoqda, bekor qilish uchun ixtiyoriy jarima haqida emas. Amalda sotuvchiga tasdiqlash, yetkazib beruvchiga topshirish, xaridorga berish va bekor qilish sanalari hamda xarajat hujjatlari qayd etilgan buyurtma jurnali kerak.

Qachon tovarni qaytarib olish va eʼtirozga qanday javob berish kerak

Murojaat asosi talab va muddatni belgilaydi: nuqsonsiz tovar, nuqson yoki tavsifga nomuvofiqlik uchun bitta tartibni qoʻllab boʻlmaydi.

Xaridor nuqsonsiz nooziq-ovqat tovarini xarid kunidan boshlab 10 kun ichida almashtirishi (18-modda) mumkin. Sotuvda muqobili boʻlmasa, puli qaytariladi. Shartlar: tovar ishlatilmagan va shikastlanmagan, qadogʻi bilan qaytarilgan, isteʼmol xususiyatlari saqlangan va aynan shu sotuvchidan xarid qilingani tasdiqlangan boʻlishi kerak.

Istisnolar mavjud. Hukumatning qaytarilmaydigan tovarlar roʻyxati nuqsonsiz tovarlarning quyidagi guruhlarini qamrab oladi: uyda kasalliklarning oldini olish va davolash tovarlari; shaxsiy gigiyena buyumlari; atir-upa va kosmetika; metr bilan sotiladigan mato, kabel, qurilish materiallari va boshqa tovarlar; ichki kiyim, paypoq hamda qoʻlqop buyumlari; oziq-ovqat bilan tegishadigan polimer buyumlar; maishiy kimyo, pestitsid va agroximikatlar; mebel garniturlari va komplektlari; roʻyxatdagi qimmatbaho metall va tosh buyumlar; avtomobil, moto-velotovarlar va sanalgan texnika; kafolat muddati belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar; hayvonlar va oʻsimliklar. Bu roʻyxat guruhlari boʻlib, har birining tarkibi uning matnidan tekshiriladi. Nuqsonsiz tovar uchun istisno nuqsonga doir talablardan ozod qilmaydi.

Shartnoma tuzilganda aytilmagan nuqson boʻlsa, xaridor talablardan birini (13-modda) tanlaydi: ayni markaga almashtirish; narxni qayta hisoblab boshqa markaga almashtirish; bepul taʼmirlash yoki taʼmirlash xarajatini qoplash; narxni mutanosib kamaytirish; shartnomani bekor qilib, zararni qoplash. Nuqson kafolat yoki yaroqlilik muddatida, bunday muddatlar boʻlmasa olti oy ichida aniqlansa, talab qoʻyiladi; mavsumiy tovarlar uchun belgilangan alohida muddatlar amal qiladi. Koʻchmas mulkka oid qoida bu yerda koʻrib chiqilmaydi. Xaridni kassa cheki bilan birga boshqa dalillar ham tasdiqlashi mumkin.

Talab Muddat yoki shart Asos
Nuqsonli tovarni ayni markaga almashtirish 7 kun; sifatini qoʻshimcha tekshirish zarur boʻlsa 20 kun Almashtirish muddatlari
Muqobil tovar yoʻq Almashtirish uchun bir oy; muqobil boʻlmasa eʼtirozdan boshlab bir oyda shartnomani bekor qilish va zararni qoplash Muqobil tovar boʻlmasligi
Kafolat davrida nuqsonni bartaraf etish Talabdan boshlab sotuvchi uchun 20 kun, ishlab chiqaruvchi uchun 10 kun Taʼmirlash muddatlari
Shartnoma bekor qilingach pulni qaytarish Shartnomadagi muddat; boshqacha kelishilmagan boʻlsa dastlabki toʻlov shaklida Toʻlovni qaytarish

Choʻl va olis joylar, tovar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan hududlarda almashtirish uchun isteʼmolchilar haqidagi qonun navbatdagi yetkazib berishgacha, lekin koʻpi bilan ikki oy (14-modda) muddat beradi. Almashtirish muddati buzilgan har kun uchun sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi isteʼmolchiga tovar narxining bir foizi miqdorida neustoyka — penya toʻlaydi.

Uzoq muddat foydalaniladigan tovar taʼmirlanayotganda xaridor talabiga koʻra uch sutka ichida (15-modda) muqobil beriladi va sotuvchi hisobidan yetkaziladi, Hukumat istisnolari bundan mustasno. Istisnolar orasida mebel, avtomobillar va koʻrsatilgan maishiy elektr jihozlar bor; bular alohida roʻyxatning bir qismi. Kafolat muddati foydalanish mumkin boʻlmagan davrga uzaytiriladi. Vaqtincha tovarni berish kechiktirilsa yoki nuqsonlarni bartaraf etish shartnomadagi muddatdan oʻtsa, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi shu normadagi tartibda har kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida penya toʻlaydi.

Tovar tavsifga mos kelmasa, xaridor almashtirish yoki pulni qaytarishni talab qilishi mumkin; tovarni qaytarish xarajatlarini sotuvchi koʻtaradi (28-1-modda). Tekshirish uchun tovarni koʻzdan kechirish va qadoqni ochishning oʻzi shartnomani bekor qilish huquqini yoʻqotmaydi. Nuqsonli tovar ayni markaga almashtirilganda narx oʻzgarishi qayta hisoblanmaydi; boshqa markada farq hisobga olinadi. Shartnoma bekor qilinayotganda narx oshgan boʻlsa talab paytidagi, pasaygan boʻlsa xarid paytidagi narx olinadi. Yirik yoki 5 kilogrammdan ogʻir tovarni (17-modda) taʼmirlash, almashtirish, narxini kamaytirish va qaytarish uchun sotuvchi oʻz hisobidan tashiydi yoki bu majburiyatni bajarmasa xaridor xarajatlarini qoplaydi.

Pulni qaytarish xarajatlari ham sotuvchining zimmasida. Shartnomadagi qaytarish muddati oʻtgan har kun uchun sotuvchi qaytariladigan summaning 1 foizini (27-modda) toʻlaydi; jami penya qaytariladigan summadan oshmaydi. Penya toʻlash pulni qaytarish oʻrnini bosmaydi.

Misol. Qaytariladigan summa 500 000 soʻm, shartnomadagi muddat 4 kunga oʻtkazib yuborilgan. Penya: 500 000 × 1% × 4 = 20 000 soʻm. Xaridorga 500 000 soʻm qaytarish va 20 000 soʻm penya toʻlash kerak. Bu pulni kech qaytarish hisobining misoli; taʼmirlash yoki almashtirish talabi asosi va muddati alohida belgilanadi.

Onlayn sotuvchi qanday soliqlar toʻlaydi

Soliq rejimi sotuvchi maqomi, daromadi va faoliyatiga doir cheklovlarga bogʻliq. 2026-yil 1-iyundan umumbelgilangan soliqqa tortishga oʻtish uchun umumiy daromad chegarasi 12 000 bazaviy hisoblash miqdori, keyingi matnda BHM, yaʼni amaldagi BHM boʻyicha 5.280.000.000 soʻm. Bu chegara aylanmadan olinadigan soliq istisnolarini bekor qilmaydi: masalan, tovar importi, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotish. Bu yerda tovar sotuvchisiga tegishli istisnolarning bir qismi (SK 461-modda) koʻrsatilgan.

Aylanmadan olinadigan soliqning asosiy stavkasi 4%, YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun 1% — tegishli stavkalar (SK 467-modda). Chakana savdo jadvalida hududiy stavkalar ham bor: aholisi yuz ming va undan ortiq shaharlarda 4%, boshqa aholi punktlarida 2%, borish qiyin va togʻli hududlarda 1%; tamaki mahsulotlari aylanmasi uchun joylashuvdan qatʼi nazar 4%. Bu barcha maxsus stavkalar emas, jadvalning savdoga oid qismi. Sayt manzilining oʻzi hududiy stavkani belgilamaydi. Elektron tijorat stavkasiga oid avvalgi alohida qoidalar 2026-yil yanvaridan kuchini yoʻqotgan; onlayn tushum ulushi haqidagi eski mezonni mustaqil amaldagi imtiyoz deb olish mumkin emas.

Umumiy rejimda qoʻshilgan qiymat soligʻining, keyingi matnda QQS, standart stavkasi 12% (SK 258-modda), foyda soligʻi esa 15% (SK 337-modda), qonundagi istisnolar hisobga olinadi. Aylanmadan olinadigan soliqdan 2026-yildan boshlab birinchi marta oʻtganlar uchun shu normada oʻtish yilidan keyingi bitta soliq davriga foyda soligʻidan ozod qilish nazarda tutilgan. U dividend va foiz daromadlarini qamramaydi hamda qayta tashkil etilgan soliq toʻlovchilarga tatbiq etilmaydi.

Misol. Sotuvchining soliq bazasi 100 000 000 soʻm, aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4% deb olaylik. Soliq 100 000 000 × 4% = 4 000 000 soʻm. Shu bazaga 1% stavka tatbiq etilsa, 1 000 000 soʻm chiqadi. Bular qoʻshib toʻlanadigan soliqlar emas, rejimning turli variantlari. Umumiy rejim uchun alohida misol: QQSsiz qiymat 1 000 000 soʻm × 12% = 120 000 soʻm QQS; soliq solinadigan foyda 10 000 000 soʻm × 15% = 1 500 000 soʻm foyda soligʻi, agar ozod qilish tatbiq etilmasa.

Umumiy tartibda aylanmadan olinadigan soliq hisoboti keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay (SK 470-modda), yillik hisobot keyingi yil 15-fevraligacha topshiriladi; toʻlov tegishli hisobot muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi. Marketpleys kabinetining mavjudligi soliq toʻlovchining majburiyatlarini oʻz-oʻzidan unga oʻtkazmaydi.

Bu yerda onlayn sotuvchi uchun soliq rejimini tanlash qoidalari berilgan. Baza tarkibi, rejimlar oʻrtasida oʻtish va hisobot aylanmadan olinadigan soliq haqidagi maqolada batafsil yoritilgan. Tushum oshganda, faoliyat turlari birlashtirilganda yoki maxsus stavka huquqi tekshirilganda shu maqola kerak boʻladi.

Savdo, vositachilik haqi va EHF qanday hisobga olinadi

Hisob buyurtma, tovar topshirilishi, toʻlov, maydoncha haqi va qaytarishlarni oʻzaro bogʻlashi kerak. Xoʻjalik yurituvchi subyektga sotishda elektron tijorat qonuni elektron hisobvaraq-fakturani (23-modda), keyingi matnda EHF, nazarda tutadi. Soliq kodeksi EHFning umumiy tartibini va xaridorga kassa cheki yoki belgilangan boshqa hujjat berilgandagi istisnoni belgilaydi; qiymat oʻzgarsa qoʻshimcha yoki tuzatilgan hisobvaraq-faktura (SK 47-modda) taqdim etiladi.

Aylanmadan olinadigan soliq obyekti jami daromad, vositachilik shartnomasidagi vositachi uchun esa uning haqi (SK 463-modda) hisobga olinadi. Tovar sotuvchisi maydoncha komissiya ushlab qolgani sababli bunday vositachiga aylanmaydi. Shu bois ushlab qolishlardan keyingi bank tushumini sotuvchining barcha tushumi deb olish mumkin emas.

Misol. Xaridorlar sotuvchi tovarlari uchun 10 000 000 soʻm toʻladi. Maydonchaning shartnomaviy haqi 1 000 000 soʻm, boshqa ushlab qolishlar yoʻq deb faraz qilaylik. Sotuvchiga 9 000 000 soʻm oʻtkazildi. Solishtirishda savdo 10 000 000, vositachilik haqi 1 000 000 va oʻtkazma 9 000 000 soʻm sifatida koʻrsatiladi. Aylanmadan olinadigan soliqning 4% stavkasi qoʻllansa va boshqa tuzatishlar boʻlmasa, savdo boʻyicha hisob: 10 000 000 × 4% = 400 000 soʻm. Bankka kelgan summadan 360 000 soʻm hisoblash toʻgʻri emas.

YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning toʻlov tashkilotlari raqamli platformalari orqali savdodan bir milliard soʻmgacha daromadi boʻyicha soliq agenti toʻlov tashkiloti (SK 465-modda) boʻladi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning yuridik shaxslardan shu chegaragacha tegishli daromadida yuridik shaxs soliq organi xabarnomasi asosida soliqni ushlab qoladi. Boshqa hollarda kodeksdagi toʻlov va hisobot tartibi amal qiladi. Soliq agentligi chegarasini boshqa soliq rejimiga oʻtishning umumiy chegarasi bilan aralashtirib boʻlmaydi.

Tovar qaytarilishi, bitim shartlari, narx yoki chegirma oʻzgarishi, xizmatdan voz kechish daromadni hujjatlar bilan tuzatishni (SK 466-modda) talab qiladi. Tuzatish tegishli hodisa yuz bergan davrda, bir yil doirasida, kafolatli tovar uchun esa kafolat muddati doirasida qilinadi. Elektron tijorat hujjatlari qogʻozdagi muqobilidan kam boʻlmagan muddatda (17-modda) saqlanadi. Amaliy arxivga oferta nusxasi, buyurtma va aksept, chek, zarur EHF, yetkazib berish hujjatlari, maydoncha hisoboti va qaytarish hujjatlari kiradi.

Qanday tekshiruv va jarimalar boʻlishi mumkin

Sayyor soliq tekshiruvida hisob hujjatlari, tovar va pul harakati, kassa va terminallardan foydalanish oʻrganiladi. U soliq organi rahbari yoki oʻrinbosari buyrugʻi asosida, qonunda belgilangan koʻpi bilan 10 kun (SK 139-modda) davomida oʻtkaziladi. Buyruqda tekshiriladigan soliq toʻlovchi, tekshiruvchilar, muddat va maqsad koʻrsatiladi.

Soliq toʻlovchining kassaga oid jarimalari (SK 221-modda) qoidabuzarlikka qarab farqlanadi:

Tegishli majburiyat mavjud boʻlgandagi qoidabuzarlik Jarima
Majburiy kassa, terminal, elektron toʻlov tizimi yoki maxsus QR-kodsiz savdo; majburiy chek bermaslik; belgilangan elektron toʻlovni qabul qilmaslik 5 000 000 soʻm
Roʻyxatdan oʻtmagan kassa yoki unga tenglashtirilgan roʻyxatsiz hujjatlarni berish 7 000 000 soʻm
Boshqaning terminali yoki boshqa soliq toʻlovchining maxsus QR-kodidan foydalanish 20 000 000 soʻm
Kassaning texnik talablarga mos emasligi yoki xizmat dasturi buzilgani 20 000 000 soʻm

Ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi va sotuvchilarning majburiy raqamli markirovka qoidalarini buzishi uchun umumiy sanksiya savdo boʻlgan oxirgi hisobot choragidagi sof tushumning 2 foizi (SK 227-1-modda), jarimadan keyingi bir yilda takrorlansa 20%.

2026-yil yanvaridan soliq organlari axborot tizimi orqali aniqlangan markirovka buzilishlari uchun ogohlantirishli masofaviy tartib amal qiladi. Ikkinchi ogohlantirishdan keyin savdo boʻlgan oxirgi hisobot choragidagi sof tushumdan alohida shkala qoʻllanadi: 0,2%; 0,4%; 1%; 2%. Birinchi stavka ogohlantirishlardan soʻng bir oyda birinchi aniqlashga, keyingilari bir yil ichidagi ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va keyingi holatlarga tegishli. Oxirgi bosqichda bir yil davomida QQS oʻrni qoplanmaydi. Bu tartibni kodeksdagi umumiy sanksiya bilan avtomatik almashtirish mumkin emas.

Misol. Savdo boʻlgan oxirgi chorakdagi sof tushum 100 000 000 soʻm boʻlsa, umumiy 2% hisobida 2 000 000 soʻm, 20% hisobida 20 000 000 soʻm chiqadi. Maxsus masofaviy tartibda shu bazaning 0,2 foizi 200 000 soʻm. Bu sanksiya bazasi hisobiga misol; umumiy yoki maxsus tartib qoʻllanishi tekshiruv asosiga qarab aniqlanadi.

Roʻyxatdan oʻtmasdan tadbirkorlik qilish uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda 5–7 BHM (MJtK 176-modda), yaʼni 2.200.000–3.080.000 soʻm jarima va huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilish belgilangan. Nazorat qilinmaydigan daromad ancha miqdorda boʻlsa 7–10 BHM, koʻp miqdorda boʻlsa 10–50 BHM, musodara bilan qoʻllanadi. Birinchi marta sodir etgan shaxs aniqlanganidan keyin 30 kun ichida davlatga soliqlar va yigʻimlar shaklidagi zararni ixtiyoriy qoplasa, biznesni roʻyxatdan oʻtkazsa va zarur ruxsat hujjatlarini olsa, musodarasiz javobgarlikdan ozod qilinadi.

Soliq kodeksida jismoniy shaxsning YTT sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan ishlashi uchun alohida daromadning 10 foizi, kamida 1 mln (SK 219-modda) soʻm sanksiya bor. Shu moddada QQS hisobiga turish tartibini buzish uchun kechikkan davr daromadining 5 foizi, kamida 5 mln soʻm belgilangan; 2026-yildan aylanmadan olinadigan soliqdan birinchi marta oʻtib, majburiyat yuzaga kelganidan bir yil ichida QQS boʻyicha roʻyxatdan oʻtganlar uchun istisno mavjud. Bular turli huquqbuzarlik tarkiblari boʻlib, ularni onlayn savdo uchun bitta jarima sifatida qoʻshib boʻlmaydi.

Sayyor tekshiruv yoki soliq auditi qarori ustidan uni qabul qilgan organ orqali yuqori turuvchi soliq organiga shaxs huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan bir oy ichida (SK 232-modda) shikoyat qilish mumkin. Uzrli sabab boʻlsa, muddat tiklanishi mumkin. Eʼtirozlarni aniq buyurtmalar, cheklar, markirovka kodlari, maydoncha hisobotlari va bank hujjatlari bilan bogʻlash foydali.

2025–2026-yillarda nima oʻzgardi

  • 2025-yil 1-noyabrdan raqamli platformalar maxsus rejimida YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni masofadan roʻyxatdan oʻtkazish nazarda tutilgan. 2026-yil 1-yanvardan tegishli rejimdagi 1% stavka va maxsus toʻlov QR-kodi talabi amal qiladi; daromadi 100 mln soʻmgacha boʻlgan oʻzini oʻzi band qilganlar uchun avvalgi soliq imtiyozi bekor qilingan. Asos — 2025-yil 12-avgustdagi PQ-247; platforma va QR xususiyatlari yuqorida tushuntirilgan.
  • 2026-yil 1-yanvardan markirovkani ogohlantirishlar va maxsus jarima shkalasi bilan masofadan nazorat qilish tartibi amal qiladi. Asos — 2025-yil 23-maydagi PQ-190.
  • 2026-yil 1-iyundan umumbelgilangan soliqqa tortishga oʻtishning umumiy chegarasi 12 000 BHM. Asos — 2026-yil 26-maydagi PF-100.
  • 2026-yil 24-sentabrdan elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlash va tugatish haqidagi xabardor qilish tartibi kuchga kiradi. Maqola yangilangan sanada bu muddat hali kelmagan. Asos — Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (ILMA) 3927-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan 2026-yil 19-avgustdagi buyrugʻi. Tartib platforma, agregator va striming operatorlariga tegishli; boshqa maydonchadagi har bir sotuvchiga oʻz-oʻzidan tatbiq etilmaydi.

Koʻp beriladigan savollar

Saytsiz, Telegram orqali sotish mumkinmi?

Muloqot usulining oʻzi roʻyxatdan oʻtish va sotuvchi majburiyatlarini bekor qilmaydi. Qonun taklifni elektron xabar yoki ofertadagi harakatlar bilan qabul qilishga ruxsat beradi. Demak, tomonlar va kelishuv mazmunini aniqlash mumkin boʻlsa, buyurtma shartlari yozishmada kelishiladi. Xaridorga sotuvchi, tovar, toʻlov, yetkazib berish va qaytarish shartlari beriladi; toʻlov va chek tegishli hisob-kitob tartibida rasmiylashtiriladi.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs marketpleysda sotishi mumkinmi?

Elektron tijorat qonuni oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni elektron maydonchadagi chakana sotuvchilar qatoriga kiritadi, 2026-yil roʻyxatining 33-bandi ham bu faoliyatni bevosita nazarda tutadi. Tovarni joylashtirishdan oldin amaldagi savdo modelini shu faoliyat turi va roʻyxat shartlari bilan solishtirish kerak. Marketpleys bu tekshiruv oʻrnini bosmaydi. Rejalashtirilgan faoliyat ruxsat etilgan turga kirmasa, tegishli tadbirkorlik maqomi kerak; tovarga doir sohaviy cheklovlar savdo kanalidan qatʼi nazar saqlanadi.

Marketpleys cheki oʻz kassamdan ozod qiladimi?

Platforma aynan sizning savdongizni qanday fiskallashtirishini aniqlash kerak. Qonun xaridorga elektron chek yuborishni nazarda tutadi, lekin hujjatning «chek» deb atalishi yoki bank tasdigʻi kassa majburiyati bajarilganini isbotlamaydi. Hujjatdagi sotuvchi va tovar, fiskal belgi, soliq tizimiga maʼlumot uzatilishi va qaytarish tartibini tekshiring. Maydoncha bilan shartnoma pul va hujjatlarning amaldagi harakatiga mos boʻlishi kerak.

Ofertada tovar qaytarilmasligini yozish mumkinmi?

Isteʼmolchining qonuniy huquqlarini cheklaydigan shart haqiqiy emas. Biroq qaytarish barcha holatlar uchun bir xil emas: nuqsonsiz tovarda almashtirish shartlari va Hukumat istisnolari bor, nuqson yoki tavsifga nomuvofiqlik boshqa talablarni yuzaga keltiradi. Shuning uchun ofertada murojaat asoslari ajratiladi va uni koʻrib chiqish tartibi yoziladi. Nuqsonsiz tovarlarning qaytarilmaydigan roʻyxatini tovarga oid har qanday eʼtirozga qoʻllash mumkin emas.

Soliq marketpleys haqidan keyingi summadan hisoblanadimi?

Oʻz tovarini sotuvchi uchun ushlab qolingan vositachilik haqi va savdo tushumi turli koʻrsatkichlar. Maydoncha tovar pulini olib, haqini ushlab qolgach oʻtkazsa, bank tushumi realizatsiyaning butun qiymatini koʻrsatmaydi. Daromad sifatida faqat komissiyani olish haqidagi maxsus qoida vositachiga tegishli. Sotuvchi savdo, qaytarish va vositachilik haqini hujjatlar boʻyicha solishtirib, keyin oʻz soliq rejimi bazasini aniqlaydi.

Tekshirildi

Tax and Legal
yuridik tekshiruv va yangilash

Manzil

Oʻzbekiston, Toshkent sh.,
Afrosiyob koʻchasi, 4b

Yangilandi

2026-yil 16-sentabr